TOShKENT, 5-iyul — Sputnik. Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanidagi "Axsikent" arxeologik yodgorlik majmuasi vodiyning yirik turizm markaziga aylantiriladi. Bu haqda Madaniyat va turizm vazirligi xabar berdi.
Tarixiy majmuani turizm markaziga aylantirish loyihasining birinchi bosqichida ochib qo‘yilgan to‘rtta obyektda ochiq osmon ostidagi muzeylar qurilishi boshlandi.
Keyingi bosqichda esa sayyohlar uchun infratuzilma obyektlari - katta istirohatgoh, hunarmandlar markazi va karvonsaroy hamda boshqa inshootlarni barpo etish maqsad qilingan.
“Rejaga ko‘ra, qadimgi Axsikent va Axsi qishlog‘ini daryo yoqalab bog‘lab, yaxlit yirik sayyohlik majmuasini barpo etiladi”, - deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, Axsikent eramizdan avvalgi III asrda tashkil topgan bo‘lib, qadimgi Farg‘ona davlatining poytaxti, Buyuk ipak yo‘lining asosiy shaharlaridan biri bo‘lgan. Qadimdan bu yerda yer osti suv inshooti bo‘lgan. Qolaversa, shishasozlik, kulolchilik, temirchilik, qurolsozlik kabi hunarmandlik turlari yaxshi rivojlangan.
Bugungi kunda Axsikentning 100 gektarga yaqin qismi saqlanib qolgan bo‘lib, u Farg‘ona vodiysidagi eng katta arxeologik yodgorlikdir. Arxeologlar tomonidan temirchilar ustaxonasi, X – XIII asrlarga oid hammom qoldiqlari, askarlar xonalari, jome masjidi, mudofaa devorlari, yer osti irrigatsiya tarmoqlari, hunarmandlar mahallasi, hukmdor qarorgohi – Ark qazib o‘rganilgan.
2017 yilda Axsikent tarixiy yodgorligini asrab-avaylash va tadqiq etish, uni o‘rganish bo‘yicha ulkan ishlar boshlangan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Axsikent yodgorligida qoraxoniylar davriga oid devoriy suratlar aniqlangan edi. Aytilishicha, qoraxoniylar davriga tegishli suratlar arxitektura inshootlari devorlarini bezab turgan.
Shuningdek, shu yilning fevral oyida Axsikent yodgorligida davom etayotgan tadqiqot ishlari davomida noyob tangalar, qoraxoniylar davriga oid devoriy suratlar va ming yillik Damashq qilichlari topilgan.