TOShKENT, 4-iyul — Sputnik. Tovarlar, kapital, texnologiyalar va xizmatlarning erkin harakatlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish zarur, dedi Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) bosh kotibi Chjan Min ShHT sammitida so‘zlagan nutqida.
Chjan Minning fikricha, ShHT e’tiborini “ShHTga a’zo davlatlarning 2035-yilgacha bo‘lgan ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlik dasturi” va “Shanxay hamkorlik tashkilotining 2030-yilgacha bo‘lgan iqtisodiy rivojlanish strategiyasi”ni amalga oshirishga qaratish maqsadga muvofiqdir.
“Savdo-iqtisodiy institutsional mexanizmlarni rivojlantirish, tovarlar, kapital, texnologiyalar va xizmatlarning erkin harakatlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, iqtisodiy o‘sishning yangi nuqtalarini yaratish va aholi bandligini oshirishda sa’y-harakatlarni birlashtirish, a’zo davlatlar aholisi sezilarli foyda olishlari uchun mintaqalararo hamkorlikni va korporativ o‘zaro hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadga muvofiqdir”, -dedi u.
Unga ko‘ra, ShHT turli qiyinchilik va sinovlarni yengib, mintaqa va butun dunyoda tinchlik, xavfsizlik, taraqqiyotni ta’minlashga yanada katta hissa qo‘shishga qodir.
“Ishonchim komilki, bizning birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz tufayli ShHT turli qiyinchilik va sinovlarni yengib o‘tadi, mintaqada va butun dunyoda tinchlik, xavfsizlik, taraqqiyot va farovonlikni ta’minlashga yanada katta hissa qo‘shadi”, - dedi Chjan Min.
Bugun Nyu-Dehlida ShHT Davlat rahbarlari kengashining yigirma uchinchi sammiti videoaloqa formatida bo‘lib o‘tdi.
Eron Shanxay hamkorlik tashkilotining to‘laqonli a’zosiga aylandi.
ShHT 2001-yilda tashkil etilgan xalqaro tashkilotdir. Unga Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Pokiston va O‘zbekiston a’zo. Eron bilan doimiy a’zolar soni 9 taga yetdi. Kuzatuvchi davlatlar – Afg‘oniston, Belarus va Mo‘g‘uliston, hamkor davlatlar – Ozarbayjon, Armaniston, Kambodja, Nepal, Turkiya va Shri-Lanka.