Mirziyoyev ShHT sammitida qanday takliflar bildirdi — video

Shavkat Mirziyoyev ShHT sammitida qanday takliflarni ilgari surdi
Sputnik
TOShKENT, 4-iyul — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ShHT Davlat rahbarlari kengashi sammitining ochilishida videoaloqa orqali nutq so‘zladi.
O‘zbekiston yetakchisi ShHTning xalqaro maydondagi rolini kuchaytirish maqsadida shartnomalarini inventarizatsiya qilishni taklif qildi.
Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkilotiga (ShHT) a’zo davlatlarni sentabr oyida respublikada bo‘lib o‘tadigan oziq-ovqat masalalariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyaga taklif qildi.

“Oziq-ovqat xavfsizligi xavfi ortib borayotgani munosabati bilan biz FAO (BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti – tahr.) bilan birgalikda joriy yilning sentabr oyida O‘zbekistonda ushbu masala bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazishni rejalashtirmoqdamiz”, — dedi Mirziyoyev.

O‘zbekiston prezidenti ushbu tadbirning alohida sessiyasi ShHT davlatlarining global miqyosda oziq-ovqat muammolarini hal etishning yagona tamoyillarini ishlab chiqishdagi hamkorligiga bag‘ishlanishini aytdi.
“Mamlakatlarimiz delegatsiyalarini mazkur anjuman ishida faol ishtirok etishga taklif qilamiz”, — deb qo‘shimcha qildi Mirziyoyev.
O‘zbekiston prezidenti ShHT a’zo davlatlarni yagona integratsiyalashgan transport-tranzit tizimini shakllantirishga taklif qildi.
"Biz ShHTga a’zo barcha davlatlarning o‘zaro transport aloqadorligining yagona xaritasini ishlab chiqishni maqsadga muvofiq deb bilamiz. Bu bizga to‘siqlar va bo‘shliqlarni aniqlash, yagona integratsiyalashgan transport-tranzit tizimini shakllantirish bo‘yicha ustuvor chora-tadbirlar va loyihalarni belgilash imkonini beradi", — dedi Mirziyoyev.
O‘zbekiston rahbari mazkur masalalarni ShHTga a’zo davlatlar transport vazirlarining navbatdagi kengaytirilgan yig‘ilishida yirik transport-logistika kompaniyalari, operator va ekspeditorlar, tahlilchilar va soha mutaxassislarini keng jalb etgan holda batafsil ko‘rib chiqishni taklif qildi.
“Biz O‘zbekistonda BMT shafeligida mintaqalararo o‘zaro bog‘liqlik markazini yaratish bo‘yicha tashabbusimizni hamkorlar qo‘llab-quvvatlashiga ishonamiz”, — deya qo‘shimcha qildi Mirziyoyev.
Shuningdek, ShHT davlatlarining yaxshi qo‘shnichilik kodeksini ishlab chiqishni taklif qildi.
Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘oniston dunyo kun tartibida ikkinchi o‘ringa tushib qoldi. Mamlakat aholisiga insonparvarlik yordami sezilarli darajada kamaydi.
O‘zbekiston prezidenti ShHT-Afg‘oniston formatida maslahatlashuvlarni qayta boshlash zarur, deb hisoblaydi.
Nyu-Dehli shahrida ShHT Davlat rahbarlari kengashining 23-sammiti videokonferensiya formatida bo‘lib o‘tmoqda.
ShHT 2001-yilda tashkil etilgan xalqaro tashkilotdir. Unga Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Pokiston va O‘zbekiston kiradi.