TOShKENT, 4-iyul — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ShHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining videoanjuman shaklidagi navbatdagi majlisida ishtirok etdi.
Kun tartibiga muvofiq, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi, ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
O‘zbekiston rahbari o‘z nutqida xalqaro munosabatlar tizimida ro‘y berayotgan tub o‘zgarishlar – geosiyosiy keskinlik kuchayib, ziddiyatlar avj olayotgani, global barqarorlik va izchil taraqqiyotga xavf solayotgan yangi xatar va tahdidlar paydo bo‘layotgani, ekologiya, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi sohasidagi xavflar ortib borayotganini qayd etdi.
“Shu munosabat bilan konstruktiv va ishonchga asoslangan muloqotni yo‘lga qo‘yishga kuchli ehtiyoj borligi yaqqol ko‘rinib turibdi”, – dedi Mirziyoyev.
O‘zbekiston nizo va ziddiyatlarni hal qilish, tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan yechimlarni izlash va murosali qarorlarni qabul qilishda Birlashgan Millatlar Tashkilotining markaziy o‘rniga nisbatan prinsipial pozitsiyaga rioya qilishi ta’kidlandi.
O‘zbekiston prezidenti tashkilot muvaffaqiyati uning asosiy tamoyillariga qat’iy rioya etishga asoslanganligiga e’tibor qaratdi. Bular - tashkilotning blokdan tashqari maqomi, ochiqlikka qatiy sodiqlik, tenglik va konsensus asosida qaror qabul qilish tamoyillaridir.
“Eng muhimi, bizning hamkorligimiz turli manfaatlar, yondashuvlar, qarashlar va madaniy tafovutlarni o‘zaro hurmat qilish va konstruktiv idrok etishga suyanadi”, – dedi davlat rahbari.
ShHTning mintaqaviy kun tartibidagi eng dolzarb masalalarni hal qilishda samarali xalqaro tuzilma sifatidagi yetakchi rolini saqlab qolish maqsadida qabul qilingan kelishuvlar va qarorlarni inventarizatsiyadan o‘tkazish, shakllantirilgan institutlar va hamkorlik mexanizmlarining faoliyatini audit qilish, tashkilotni modernizatsiyalash bo‘yicha kelishuvlarning bajarilishini jadallashtirish taklifi ilgari surildi. Ekspertlar forumi doirasida ShHT istiqbollari bo‘yicha qo‘shma tadqiqot loyihasini amalga oshirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
O‘zbekiston rahbari ShHT davlatlari sanoat va innovatsion taraqqiyot ko‘rsatkichlari bo‘yicha yetakchilik qilgani holda ulkan intellektual salohiyatga, eng boy energiya va agrar resurslarga ega ekanini qayd etdi.
“Bugungi kunda ichki-mintaqaviy savdo va sanoat-texnologik hamkorlikni rivojlantirish uchun umumiy makonni shakllantirish tashabbusi har qachongidan ham dolzarbdir”, - dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Shu ma’noda, prezident innovatsion taraqqiyot, raqamlashtirish va robotlashtirish, sun’iy intellekt, biotexnologiya, farmatsevtika va kelajak sanoatining boshqa tarmoqlarini qamrab oladigan ShHTning yangi iqtisodiy muloqoti dasturini qabul qilishni taklif etdi.
Bu yo‘nalishlardagi loyihalarni ilgari surish maqsadida Mirziyoyev O‘zbekistonda ShHTga a’zo davlatlar hududlarining innovatsion sherikligi haftaligini hamda yuqori texnologiyalar qo‘shma ko‘rgazmasini o‘tkazish taklifini bildirdi.
Transport-kommunikatsiya masalalariga to‘xtalib, O‘zbekiston prezidenti ShHT davlatlarining transport o‘zaro bog‘liqligining yagona xaritasini ishlab chiqish tashabbusini bildirdi.
“Bu “to‘siqlar” va “bo‘shliqlar”ni aniqlash, umumiy, integratsiyalashgan transport-tranzit tizimini shakllantirish uchun ustuvor chora-tadbirlar va loyihalarni belgilash imkonini beradi”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Kelgusi yilni ShHT makonida Ekologiya yili deb e’lon qilinishini qo‘llab-quvvatlab, prezident “Yashil kamar” dasturi doirasida Mintaqaviy ekologik loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va “yashil” texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasini tayyorlashni taklif qildi.
“ShHT maydonida iqlim o‘zgarishiga moslashish, dekarbonizatsiya va “toza” texnologiyalarni joriy etish, “aqlli” qishloq xo‘jaligi va suv tejamkorligini rivojlantirish bo‘yicha yaqinroq muvofiqlashtirish va amaliy hamkorlik zarur”, - dedi davlat rahbari.
O‘zbekiston prezidenti Samarqanddagi "Ipak yo‘li" xalqaro universiteti negizida shu yilning oktabr oyida Jahon sayyohlik tashkiloti Bosh assambleyasining yubiley sessiyasi doirasida ShHT turizm industriyasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.
Davlat rahbari ShHTning boy madaniy-gumanitar salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish maqsadida o‘zaro muvofiqlashgan siyosatni amalga oshirishning dolzarb ahamiyatiga alohida to‘xtaldi. Shu munosabat bilan intensiv madaniy almashinuvning yillik taqvimini shakllantirishni amaliyotga joriy etish hamda “ShHT - kelajakning ijodiy g‘oyalari va tashabbuslari makoni” yoshlar almashinuvini kengaytirish bo‘yicha Tadbirlar dasturini tayyorlash taklif qilindi.
ShHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi faoliyatini faollashtirish borasidagi sa’y-harakatlarni qayd etib, mamlakat yetakchisi tuzilma kengashining sayyor yig‘ilishlari amaliyotini davom ettirishni qo‘llab-quvvatladi, bu tuzilmaning zamonaviy tahdidlarga tezkor javob berish masalalarida vakolatlarini oshirishga imkon berishini ta’kidladi.
Tadbir yakunida ShHTga a’zo davlatlar rahbarlari quyidagi hujjatlarni imzoladi:
ShHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining Nyu-Dehli deklaratsiyasi;
2030 yilga qadar ShHT mintaqasida iqtisodiy rivojlanish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida qaror;
Eron Islom Respublikasini ShHT a’zoligiga qabul qilish tartibotini yakunlash va unga ShHTga a’zo davlat maqomini berish to‘g‘risida qaror;
Belarus Respublikasining ShHTga a’zo davlat maqomini olish uchun majburiyatlari to‘g‘risidagi memorandumni imzolash haqida qaror.
Bundan tashqari, iqtisodiy hamkorlik va raqamli transformatsiyani yanada rivojlantirish, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirishga qaratilgan 10 ta hujjat qabul qilindi.
ShHTga raislik Qozog‘iston Respublikasiga o‘tdi.