Qozog‘iston aviakompaniyasi Ostonadan Toshkentga parvozlarni yo‘lga qo‘ydi

Ostona — Toshkent — Ostona yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar Airbus A320 samolyotlarida haftasiga ikki marta amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Sputnik
TOShKENT, 3-iyul — Sputnik. Qozog‘istonning "FlyArystan" loukoster aviakompaniyasi Ostona va Toshkentni to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar bilan bog‘ladi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar berdi.
Bugun, 3-iyul kuni, mahalliy vaqt bilan soat 01:55 da bortida 180 nafar yo‘lovchi bo‘lgan samolyot Toshkent xalqaro aeroportiga kelib qo‘ndi. Aeroportda yangi yo‘nalish ochilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Ostona — Toshkent — Ostona yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar Airbus A320 samolyotlarida haftasiga ikki marta — dushanba va chorshanba kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, aviakompaniya yaqin kelajakda parvozlar xaritasini Qozog‘iston va O‘zbekistonni bog‘laydigan yangi yo‘nalishlar bilan to‘ldirishni rejalashtirmoqda.
"FlyArystan" Qozog‘istonning loukoster aviatashuvchisi bo‘lib, shtab-kvartirasi Olmaotada joylashgan. Kompaniya Qozog‘istondagi eng yirik "Air Astana" aviakompaniyasi negizida tashkil etilgan.