Putin ertaga ShHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashi yig‘ilishida ishtirok etadi

Vladimir Putin 4-iyul kuni ShHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining videokonferensiya formatidagi majlisida ishtirok etadi.
Sputnik
TOShKENT, 3-iyul — Sputnik. Rossiya prezidenti Vladimir Putin 4-iyul kuni Hindiston raisligida videokonferensiya formatida bo‘lib o‘tadigan ShHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining majlisida ishtirok etadi, deb xabar berdi Kreml matbuot xizmati Telegram-kanalida.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 4-iyul kuni Hindiston Respublikasi raisligida o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Davlat rahbarlari kengashining videokonferensiya shaklida bo‘lib o‘tadigan majlisida ishtirok etadi, — deyilgan xabarda.

Yig‘ilishda ShHTning o‘tgan yildagi faoliyati yakunlari sarhisob qilinadi va Tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olinadi. Davlat rahbarlari, shuningdek, dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan fikr almashadilar.
“Yakunlari bo‘yicha Nyu-Dehli deklaratsiyasi va bir qator boshqa hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan”, — deya qo‘shimcha qilingan xabarda.