TOShKENT, 1-iyul — Sputnik. Ural federal okrugi shaharlarida O‘zbekiston prezidenti saylovi bo‘yicha muddatdan oldin ovoz berish jarayonlari davom etmoqda. Bu haqda “Dunyo” AA O‘zbekistonning Yekaterinburgdagi Bosh konsulxonasiga tayanib xabar berdi.
Uralning deyarli barcha yirik shaharlarida, shuningdek, neft-gaz qazib olinadigan kichik shahar va tumanlarida mehnat qilayotgan fuqarolar uchun muddatidan oldin ovoz berish ko‘chma punkti tashkil etildi.
Xususan, Rossiyaning eng shimoliy shaharlari – Xanti-Mansiyk va Nijnevartovskdagi “Yermakovskoe predpriyatie po remontu skvajin” HJ va “Samootlorskoe mestorojdenie” HJ shirkatlarida ham muddatdan oldin ovoz berish jarayoni bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumot uchun, chet davlatlarning aholi zich joylashgan hududlarda muddatidan oldin ovoz berish saylovchining turgan joyida ham o‘tkazilishi mumkin. Bunda uchastka saylov komissiyasi saylovchilarning turgan joyida ovoz berish vaqti hamda joyi to‘g‘risida ma’lum qiladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda muddatidan ilgari prezident saylovi 9-iyul kuniga belgilangan. O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan prezident saylovida muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari 28-iyun-5 iyul kunlari bo‘lib o‘tadi. Tashqi ishlar vazirligining MSKga kelib tushgan taqdimnomasiga asosan 39 ta O‘zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida 56 ta saylov uchastkasi tuzilgan.
Prezidentlikka Ekopartiyadan Abdushukur Hamzayev, Xalq-demokratik partiyasidan Ulug‘bek Inoyatov, "Adolat" sotsial-demorkatik partiyasidan Robaxon Mahmudova, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan (O‘zLiDeP) amaldagi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev nomzodi ilgari surilgan. Nomzodlarning saylovoldi tashviqoti 7-iyundan boshlangan.