Samarqandda Xitoy bilan hamkorlikda qon preparatlari ishlab chiqariladi

Markaziy Osiyoda yagona bo‘lishi kutilayotgan farmatsevtika zavodi Samarqandda 15 gektar maydonda qad rostlaydi.
Sputnik
TOShKENT, 29-iyun — Sputnik. Samarqandda Xitoy bilan hamkorlikda qon preparatlari ishlab chiqariladi, deya xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
Joriy yilning 27-iyun kuni Sog‘liqni saqlash vazirligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Xitoyning “Xindeyuan Bioengineering” kompaniyasi vakillari bilan shu masalada muzokara o‘tkazildi.
Unda Samarqand viloyati “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida umumiy qiymati 250 million dollarlik investitsiyaviy loyihani amalga oshirish borasida muhim kelishuvga erishildi.
O‘zbekiston prezidentining tegishli qaroriga muvofiq mamlakatda gematologiya va transfuziologiya xizmatlarini rivojlantirish uchun 128 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, ushbu yo‘nalishlarda qo‘llaniladigan 67 turdagi dori vositalari va reagentlar O‘zbekistonga asosan chetdan keltirilmoqda.
Ta’kidlanishicha, qon preparatlari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan, Markaziy Osiyoda yagona bo‘lishi kutilayotgan farmatsevtika zavodi Samarqandda 15 gektar maydonda qad rostlaydi. Zavod aholining bunday preparatlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, shu bilan birga, mahalliy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish orqali import hajmini kamayishiga xizmat qiladi.