Toshkentda ro‘yxatdan o‘tmagan aholiga pulli xizmat ko‘rsatilishi haqidagi xabarlar rad etildi

SSV oilaviy poliklinikada ro‘yxatdan o‘tmagan aholiga pulli xizmat ko‘rsatilishi haqidagi xabarlarni mutlaqo asossiz deb atadi.
Sputnik
TOShKENT, 27-iyun — Sputnik. Sog‘liqni saqlash vazirligi (SSV) Toshkent shahridagi poliklinikalarda ro‘yxatdan o‘tmagan aholiga pulli xizmat ko‘rsatilishi haqidagi xabarlarni rad etdi.
Ta’kidlanishicha, 2023-yil 1-iyul sanasidan Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalarida davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi mexanizmlarini joriy etish belgilangan.
Mazkur tizim ishga tushgach, fuqarolar davlat budjeti mablag‘lari doirasida kafolatlangan tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniga ega bo‘ladi. Ya’ni elektron bazaga har bir fuqaro (bemor)ning shaxsiy ma’lumotlari, tashxisi, kasalliklari, olgan muolajalari haqida to‘liq ma’lumotlar kiritilib, shifokor shu asosda bemorni nazoratga oladi va profilaktika hamda davolash choralarini ko‘radi.
Qolaversa, bemorlar dorilarni elektron usulda ham olishi mumkin. Natijada oilaviy poliklinikalardagi navbatlarning oldi olinib, qatnovlar soni kamayadi.
SSV xabariga ko‘ra, so‘nggi kunlarda davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarining mohiyati to‘liq anglab yetilmasdan jamoatchilik orasida "endi oilaviy poliklinika xizmatlari pulli bo‘lar ekan" degan noto‘g‘ri tushuncha paydo bo‘lmoqda.

“Avvalo shuni aytish kerakki, poliklinikada ro‘yxatdan o‘tmagan aholiga pulli xizmatlar ko‘rsatilishi haqida internetda tarqalgan xabarlar mutlaqo asossiz. Normativ hujjatlarga ko‘ra, respublikaning barcha fuqarolariga davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy xizmatlar bepul taqdim etiladi”, - deyilgan xabarda.

Buning uchun fuqaro endilikda oilaviy shifokor qabuliga kelgan vaqtda shaxsiy hujjatlari ma’lumotlari asosida bir marta identifikatsiyadan o‘tishi lozim. Ya’ni “Elektron poliklinika”ga ma’lumotlarni kiritish uchun fuqaro shaxsini tasdiqlovchi xujjatni taqdim etishi zarur.
Vazirlik fuqarolardan agar telefon orqali kimdir o‘zini oilaviy poliklinika “xodimi” deya tanishtirsa va ulardan o‘zi hamda oila a’zolari pasporti va farzandlarining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalari nusxalarini internet tarmog‘i orqali uzatishni so‘rasa, buni rad etishni so‘ragan. Chunki oilaviy poliklinika xodimlari tibbiyot muassasasiga shaxsan kelishni so‘raydi.
Birlamchi tibbiy-sanitariya yordam muassasalariga biriktirish voyaga yetgan shaxs tomonidan amalga oshiriladi. Voyaga yetmagan shaxslarni biriktirish uning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari tomonidan bajariladi.
“Shu o‘rinda poytaxt aholisidan Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalarida davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari joriy etilishi munosabati bilan o‘zi va oila a’zolarining shaxsiy hujjatlari bilan hududiy oilaviy poliklinikalarga murojaat qilishlarini so‘raymiz”, - deya xulosa qilgan SSV.