TOShKENT, 26-iyun — Sputnik. O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi xalqaro yuk tashuvlari bosqichma-bosqich ravishda to‘liq elektron ruxsatnoma tizimiga o‘tkaziladi. Bu haqda O‘zbekiston Transport vazirligi xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, Istanbul shahrida xalqaro avtomobil tashuvlari masalalari bo‘yicha O‘zbekiston – Turkiya qo‘shma komissiyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda xalqaro avtomobil tashuvlarining bugungi holati hamda uni rivojlantirish bilan bog‘liq masalalar muhokama etildi.
Tomonlar o‘rta yo‘lakni rivojlantirishni hisobga olgan holda xalqaro avtomobil tashuvlari uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olishdi.
Yuk tashuvlarini amalga oshirish uchun ruxsatnoma blankalarini almashish kvotalari belgilandi.
Shuningdek, yuk tashuvlari jarayonini jadallashtirish maqsadida mamlakatlar o‘rtasida ruxsatnoma blankalarini elektron (E-permit) almashish tizimiga bosqichma-bosqich ravishda to‘liq o‘tish bo‘yicha kelishuvga erishildi.