TOShKENT, 24-iyun — Sputnik. Ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablar ro‘yxati tasdiqlandi, deya xabar berdi Ta’lim nazorati.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan 2023-2024 o‘quv yilida boshqa hududlardan pedagoglar jalb etiladigan ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablar ro‘yxati tasdiqlandi.
Ro‘yxatdan 642 ta maktab joy olgan. Maktablar Qoraqalpog‘iston respublikasi, Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent viloyatlarida joylashgan.
Ushbu maktablarda dars berish uchun boshqa hududlardan jalb qilingan oliy va birinchi toifaga ega o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga maxsus ustamalar to‘lanadi.
Bunda:
bir ma’muriy-hududiy birliklar doirasida boshqa tuman va shaharlardan kelib faoliyat yuritayotgan o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga 50 foiz;
boshqa ma’muriy-hududiy birlikdan kelib faoliyat yuritayotgan o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga 100 foiz maxsus ustamalar to‘lanadi.
Ushbu maktablarda dars berish uchun boshqa hududda kamida bir yil ishlagan oliy va birinchi toifaga ega o‘qituvchi-pedagoglar jalb qilinadi.
Boshqa hududlardan jalb qilingan oliy va birinchi toifaga ega o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga maxsus ustamalar ular borgan maktab ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablar ro‘yxatidan chiqarilgan yildan keyingi yil uchun ham to‘lanadi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili ushbu ro‘yxatga respublika bo‘yicha 852 ta maktab keltirilgan. Ro‘yxatni tuzishda maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida to‘plagan o‘rtacha ballari, salohiyati past bo‘lgan pedagoglar inobatga olinadi.