TOShKENT, 24-iyun — Sputnik. “Qurbon hayiti” bayrami nishonlanishi munosabati bilan, 28-iyun kuni avtobus yo‘nalishlarining faoliyati soat 4:00 dan boshlab yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Toshkent shahridagi 151 ta avtobus yo‘nalishiga jami 1060 ta avtobus ishga chiqariladi. Avtobuslar o‘z faoliyatini soat 4:00 dan boshlaydi.
Bundan tashqari, “Qurbon hayiti” namozi o‘qilishi munosabati bilan, masjidlarga kelib ketishda poytax aholisiga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida, Toshkentdagi 100 ga yaqin masjidlarga soat 03:00 dan, soat 05:00 gacha bo‘lgan vaqt mobaynida vaqtinchalik 60 ta maxsus avtobus yo‘nalishlari tashkil etildi. Ushbu yo‘nalishlarga 160 dona avtobus chiqariladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda bu yil Qurbon hayiti 28-iyun kuni nishonlanadi. O‘zbekistonliklar bayram munosabati bilan ketma-ket 5 kun dam olishadi.