TOShKENT, 21-iyun — Sputnik. Misrdan O‘zbekistonga gepatit S ga qarshi dorining navbatdagi partiyasi yetkazildi, deb yozmoqda “Dunyo” AA.
"Uzbekistan Airways" aviakompaniyasi Misr hukumati tomonidan mamlakatga insonparvarlik yordam sifatida ajratilgan "S" gepatitiga qarshi "Daklatasvir" dori vositasining navbatdagi qismini Sharm ash-Shayxdan Toshkentga bepul yetkazib berdi.
Umumiy hajmi 12 mingdan ortiq "Daklatasvir" dori vositalari O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti tomonidan shifotalab bemorlarga taqsimlanadi.
Mutaxassislar fikricha, Misr hukumati mazkur yutuqlarga erishish uchun "100 million sog‘lom hayot" milliy dasturni ishlab chiqib, uni muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda. Bunda asosiy e’tibor dunyoning mashhur farmatsevtika kompaniyalari bilan yaqindan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va kengaytirishga qaratilmoqda.
Ma’lumot uchun, yuqumli kasallikni yo‘q qilish bo‘yicha milliy tashabbus tufayli Misr 2020-yilda gepatit C dan holi bo‘lgan birinchi davlatga aylangan.
2021 yilda O‘zbekistonda virusli gepatit S (VGS)ni bartaraf etish bo‘yicha milliy dastur ishga tushirildi. Dastur maqsadi – 2030-yilgacha mamlakatda gepatit S bilan kasallanish holatlarini yo‘q qilish. O‘zbekistonga bu borada Misr virusga qarshi dori vositalari yetkazib berish orqali yordam bermoqda.