TOShKENT, 19-iyun — Sputnik. O‘zbekiston va Eron qo‘shma logistika markazini barpo etadi. O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamovning Eron yo‘l va shaharsozlik vaziri Mehrdod Bazrposh bilan uchrashuvida tegishli kelishuvga erishildi.
O‘zbekiston Transport vazirligi xabariga ko‘ra, uchrashuvda tomonlar “O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron” uch tomonlama multimodal transport koridorini rivojlantirish va foydalanish bo‘yicha o‘zbek tomonidan taqdim qilingan bitimni tez orada kelishishga erishishgan. Avtomobil transportida yuk tashuvlari jarayonida Eron tomonidan o‘zbek milliy tashuvchilaridan undirilayotgan yig‘imlarni paritet asosida kamaytirish, shuningdek, yoqilg‘i solig‘i yig‘imlarini ham boshqa davlatlarniki bilan tenglashtirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
Shuningdek, vazirlar yuk tashuvlari hajmini keskin oshirish maqsadida Eron – O‘zbekiston logistika markazini barpo etish, qolaversa, Eron hududida joylashgan Chobahor va Bandar-Abbos portlari hududida o‘zbek tadbirkorlari ishtirokida terminallar va omborlar qurish xususida kelishib olishdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18-iyun kuni rasmiy tashrif bilan Eronda bo‘ldi. Shavkat Mirziyoyev va Eron prezidenti Ibrohim Raisiy ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash to‘g‘risida qo‘shma bayonot imzoladilar. Bundan tashqari, tashrif doirasida hukumatlar, idoralar va hududlar darajasida 15 ta hujjat qabul qilindi.