Gimnastika markazlarining asosiy vazifalari belgilandi

Gimnastika markazlarining o‘quv dasturini o‘zlashtirgan va yakuniy davlat attestatsiyasidan o‘tgan 11-sinf bitiruvchilariga davlat namunasidagi diplom beriladi.
Sputnik
TOShKENT, 19-iyun — Sputnik. 17-iyun kuni “Gimnastika sport turlariga tayyorlash markazlari faoliyatini tashkil etish chora-tabirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi.
Prezident qarori bilan Nukus, Samarqand va Farg‘ona shaharlarida Gimnastika sport turlariga tayyorlash markazlari tashkil etilishi belgilangan.
Mazkur Gimnastika markazlari ixtisoslashtirilgan davlat sport-ta’lim muassasasi hisoblanib, gimnastika sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabiga ega bo‘ladi.
Ushbu Gimnastika markazlari o‘z faoliyatini 2024/2025 o‘quv yilidan boshlaydi.
O‘quvchilarning umumiy kontingenti jami 132 nafarni tashkil etib, ular 1–11-sinf o‘quvchilaridan iborat bo‘ladi.
Gimnastika markazlarining 1-sinfiga gimnastika sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktablarida shug‘ullangan, yuqori iqtidorga ega va o‘qish istagini bildirgan o‘quvchilar tanlov asosida qabul qilinadi.
O‘quvchilar ularga eng yaqin joylashgan maktablarda umumta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qitiladi.
Gimnastika markazlarining o‘quv dasturini o‘zlashtirgan va yakuniy davlat attestatsiyasidan o‘tgan 11-sinf bitiruvchilariga davlat namunasidagi diplom beriladi.
Mazkur diplom berilgan mutaxassislik (trener, trener-seleksioner) bo‘yicha mehnat faoliyatini amalga oshirish yoki ta’limning keyingi bosqichlarida o‘qishni davom ettirish huquqini beradi.