TOShKENT, 16-iyun — Sputnik. O‘zbekiston va Turkiya afg‘on xalqiga insonparvarlik yordamini davom ettirishga kelishib oldi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev Turkiya elchisi Olgan Bekar bilan uchrashdi.
Suhbat chog‘ida Afg‘onistondagi bugungi vaziyat va xalqaro hamjamiyat, shuningdek, ikki davlatning Afg‘oniston yo‘nalishidagi hamkorlikni kengaytirish borasidagi sa’y-harakatlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
“Tomonlar afg‘on xalqiga insonparvarlik yordamini davom ettirish va terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish zarurligi to‘g‘risida kelishib oldilar”, deyiladi xabarda.
Turkiya elchisi O‘zbekistonning Afg‘onistonda uzoq muddatli va barqaror tinchlik o‘rnatish, shuningdek, mamlakatni mintaqaviy integratsiya jarayonlariga jalb etishdagi muhim o‘rnini ta’kidladi.