Soxta dollarga 22 bosh qo‘y sotib olgan buxorolikka nisbatan jinoiy ish ochildi

Buxorolik shaxs qo‘ylarni Surxondaryodagi mol bozordan 4200 dollar soxta pul evaziga sotib olgan.
Sputnik
TOShKENT, 16-iyun — Sputnik. Buxorolik fuqaro Surxondaryo viloyatidagi mol bozoridan 4200 dollar soxta pul evaziga 22 bosh qo‘y sotib oldi. Bu haqda Buxoro viloyati IIB ma’lumotiga tayanib, “Pochtachi” Telegram-kanali xabar berdi.
Qayd etilishicha, noma’lum shaxs Surxandaryo viloyati Qiziriq tumanida joylashgan bozorda Bandixon tumanidan bo‘lgan boshqa bir fuqaroning 8 bosh qo‘yini 1600 dollarga sotib olgan.
Shuningdek, u aynan shu kuni bozorda yana bir bandixonlik fuqaroning 14 bosh qo‘yini 2600 dollar soxta pul evaziga xarid qilgan.
Jinoyat Kodeksining 176-moddasi 2-qismi (Qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida olib borilgan surishtiruv va tergov harakatlari davomida bu jinoyatni sodir etgan shaxs aniqlangan. U Buxoro viloyati Jondor tumani “Mirzayon” mahallasida yashovchi 1985-yilda tug‘ilgan fuqaro.
Hozirda surishtiruv hamda tergov harakatlari davom etmoqda.