TOShKENT, 14-iyun — Sputnik. Prezident sayloviga doir saylov bulletenini to‘ldirish uchun Brayl alifbosi asosida tayyorlanadigan trafaret namunasi tasdiqlandi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasining (MSK) navbatdagi majlisida ma’lum qilindi.
Majlisda saylov bulletenini to‘ldirish uchun Brayl alifbosi asosida tayyorlanadigan trafaret namunasi tasdiqlandi va ushbu trafaretlar bilan har bir saylov uchastkasini ta’minlash choralari belgilandi.
Qayd etilishicha, saylov uchastkalarida jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ovoz berish kabinalari joylashtiriladi, shuningdek, zaruratga ko‘ra ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi ovoz beruvchi fuqarolar uchun optik lupalar hamda yoritkichlar qo‘yiladi.
Shuningdek, ehtiyojdan kelib chiqib, nogironligi bo‘lgan ovoz beruvchi fuqarolar gavjum yashaydigan hududlarda, ularning saylov uchastkalariga kelib ketishlari uchun bepul transport qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy saylov komissiyasi 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan muddatidan ilgari prezident saylovi bulleteni qanday bo‘lishini ma’lum qilgan edi. Unda prezidentlikka nomzodlarning familiyasi, ismi va otasining ismi saylov bulleteniga lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi tartibida kiritilgan.
Saylov bulletenlari uchastka saylov komissiyalariga 25 iyungacha saylov uchastkasidagi saylovchilar umumiy sonining 5 foizi miqdorida, 6 iyulgacha esa 95,5 foizi miqdorida tegishli tillarda taqsimlagan holda yetkazib berilishi kerak.
O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan prezident saylovida muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari 28-iyun-5 iyul kunlari bo‘lib o‘tadi. Tashqi ishlar vazirligining MSKga kelib tushgan taqdimnomasiga asosan 39 ta O‘zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida 56 ta saylov uchastkasi tuziladi.
Prezidentlikka Ekopartiyadan Abdushukur Hamzayev, Xalq-demokratik partiyasidan Ulug‘bek Inoyatov, "Adolat" sotsial-demorkatik partiyasidan Robaxon Mahmudova, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan (O‘zLiDeP) Shavkat Mirziyoyev nomzodi ilgari surilgan. Nomzodlarning saylovoldi tashviqoti 7-iyundan boshlangan.