Bog‘cha va shifoxonalarda kunlik ratsionga asal mahsuloti kiritiladi

“Asalarichilik tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va qishloq xo‘jaligi ekinlarini asalari bilan changlatishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hukumat qarori qabul qilindi.
Sputnik
TOShKENT, 13-iyun — Sputnik. O‘zbekistonda bog‘cha tarbiyalanuvchilari va shifoxonalardagi bemorlarning kunlik ratsioniga asal mahsuloti kiritiladi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
“Asalarichilik tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va qishloq xo‘jaligi ekinlarini asalari bilan changlatishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2023-yilda 200 ming gektar maydonda paxta hosildorligini oshirish uchun g‘o‘zani asalari bilan changlatish agrotexnikasi qo‘llaniladi.
Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida Namangan hamda Farg‘ona viloyatlari tajribasi asosida Asalarichilik sanoat markazlari tashkil etiladi.
2024 yildan intensiv mevali bog‘larda asalari bilan changlatish agrotexnikasini qo‘llash choralari ko‘riladi.
2023 yil 1-sentabrdan maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari va shifoxonalardagi bemorlarning kunlik iste’mol ratsioniga asal mahsulotini kiritish masalasi ko‘rib chiqiladi.
Har yili 1–10 dekabr kunlari Toshkent shahrida “Asal bayrami” va “Asalarichilik mahsulotlari” xalqaro ko‘rgazmasi o‘tkazib boriladi.
Asalarichilik subyektlarining “Apimondiya” xalqaro asalarichilik uyushmalari federatsiyasi tomonidan tashkil qilinadigan ko‘rgazma va konferensiyalarda doimiy ishtirok etishini ta’minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘riladi.
“Fermerlar maktabi”da paxta maydonlari va intensiv mevali bog‘larda asalarilar bilan changlatish agrotexnikasini qo‘llash bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etiladi.