O‘qituvchilar va tarbiyachilar bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi

O‘zbekistonda maktab o‘qituvchilari va bog‘cha tarbiyachilari 1-iyuldan 1-avgustgacha bepul sog‘lomlashtiriladi.
Sputnik
TOShKENT, 12-iyun — Sputnik. Joriy yil 1-iyuldan 1-avgustgacha “O‘qituvchi va murabbiylar salomatligi oyligi” aksiyasi o‘tkaziladi. Unda ta’lim sohasi xodimlari, maktab o‘qituvchilari va bog‘cha tarbiyachilari profilaktik va chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar hamda skriningdan o‘tkaziladi, deya xabar berdi SSV.
Aksiya davomida tibbiy tekshiruv natijalariga muvofiq, aniqlangan kasalliklar bo‘yicha davlat ko‘magida o‘qituvchi va murabbiylarning salomatligini tiklash va mustahkamlash choralarini ko‘rish ko‘zda tutilgan.
Dastlab ta’lim sohasi xodimlari orasidan tibbiy xizmatga ehtiyoji bor kontingent ro‘yxati shakllantirilib, ular yoshi, jinsi va salomatlik holatidan kelib chiqib, tegishli guruhlarga ajratiladi. Shundan so‘ng ular maxsus tibbiy brigadalar tomonidan profilaktik va chuqurlashtirilgan tekshiruvlardan o‘tkaziladi.
Tibbiy ko‘riklar yakunida:
hayotida ilk bor surunkali kasallik aniqlanganlar dispanser nazoratiga olinib, individual sog‘lomlashtiriladi;
o‘tkir va surunkali kasalliklar qayd etilgan bemorlardan bir guruhi birlamchi bo‘g‘indagi kunduzgi shifoxonalarda ambulator sharoitda, statsionar yordamga muhtoj qatlam esa tuman, shahar hamda viloyat miqyosidagi tibbiyot muassasalarida davolanadi;
yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamga ehtiyoji bor bemorlarga viloyat va respublika muassasalariga imtiyozli yo‘llanmalar taqdim etiladi.
O‘z navbatida, olis va chekka hamda chegara hududlarda sayyor tibbiy brigadalar tomonidan ko‘riklar o‘tkazilishi ham ko‘zda tutilmoqda.
Ma’lumot uchun, ayni damda 10 ming 118 ta umumta’lim maktabida 6,3 million nafardan ziyod o‘quvchiga qariyb 510 ming nafar o‘qituvchi ta’lim beradi. Shuningdek, 29 ming 420 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti bo‘lib, ularda 2 ming 100 million nafar bola tarbiyalanadi.