O‘zbekistonda ilk bor Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro kimyo olimpiadasi o‘tkaziladi

Xiva shahrida 11-17 iyun kunlari birinchi Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro kimyo olimpiadasi bo‘lib o‘tadi.
Sputnik
TOShKENT, 10-iyun — Sputnik. O‘zbekistonda ilk bor Abu Rayhon Beruniy nomidagi Xalqaro kimyo olimpiadasi o‘tkaziladi, deya xabar berdi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi.
Xiva shahrida 11-17 iyun kunlari birinchi Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro kimyo olimpiadasi bo‘lib o‘tadi. Unda 15 mamlakatdan 130 nafar kimyo fanidan bilimdon o‘quvchilar ishtirok etadi.
Germaniya, Turkiya, Ozarbayjon, Hindiston, Vetnam, Jazoir, Braziliya, Belarus, Rossiya, Qozog‘iston, Oman Sultonligi, Gruziya, Turkmaniston kabi Davlatlaridan kelayotgan 130 nafar maktab o‘quvchilari bilan birgalikda O‘zbekiston sharafini 16 nafar o‘quvchi himoya qiladi.
O‘quvchilarning bilimini baholash uchun 7 nafar Xalqaro hakam jalb qilingan. Shuningdek, olimpiadada faxriy mehmonlar, professorlar yosh bilimdonlar uchun mahorat darslari ham tashkil etiladi.
Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro kimyo olimpiadasini o‘tkazishdan asosiy maqsad iqtidorli yoshlarini aniqlash va qo‘llab–quvvatlashdan iborat.
Ma’lumot uchun, Abu Rayhon Beruniy Xorazmning buyuk allomasi, tarix, geografiya, filologiya, astronomiya, matematika, geodeziya, mineralogiya, farmakologiya, geologiya va boshqa ko‘plab fanlarga oid qomusiy asarlar muallifi. U O‘rta Sharqda ilk bora Yer Quyosh atrofida aylanishi mumkinligini aytib, Yerning aylana o‘lchamini aniqlagan.