TOShKENT, 8-iyun — Sputnik. O‘zbekistonda Rossiyaning yana 7 ta universiteti filiallari ochilishi kutilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Senati axborot xizmati xabar bermoqda.
Maxachqa’la shahrida (Dog‘iston) Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi va O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining hamkorlik bo‘yicha komissiyasining 8-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
“Rossiya Federatsiyasi oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar soni 46 ming nafarni tashkil etadi, O‘zbekistonda Rossiyaning 14 ta oliy o‘quv yurti filiallari ochilgan. Yana 7 tasi ochilishi rejalashtirilyapti”, - deyilgan xabarda.
Yig‘ilish ishtirokchilari Rossiyada o‘zbekistonlik talabalar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, mamlakat fuqarolari uchun Rossiya oliy o‘quv yurtlarida budjetdan ajratilgan kvotalar sonini ko‘paytirish masalalarini ko‘rib chiqishdi.
O‘zbekistonda Rossiya OTMlarida tahsil olishga bo‘lgan talab yuqori. Rossiya har yili o‘zbekistonlik talabalar uchun Rossiya universitetlarida ta’lim olish uchun ajratiladigan budjet kvotalari sonini izchil oshirib borapti. 2023-yilda bu ko‘rsatkich 800 o‘ringacha oshgan.
Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti, Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti, Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universiteti, Gersen nomidagi davlat pedagogika universiteti, VGIK, MISiS, MIFI, MGIMO va boshqalarning filiallari respublikada faoliyat ko‘rsatmoqda.