TOShKENT, 6-iyun — Sputnik. Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida “Yutong” rusumli elektrobus va “Cobalt” avtomobili ishtirokida yo‘l-transport hodisasi ro‘y berdi.
“Toshshahartransxizmat” AJ matbuot xizmati xabariga ko‘ra, avariya 6-iyun kuni soat 15:20 larda Do‘rmon yo‘li-G‘azalkent ko‘chalari kesishgan chorrahada sodir bo‘lgan. “Cobalt” svetoforning taqiqlovchi qizil chirog‘iga harakatlanib kelib, elektrobusning old yon qismiga urilgan.
Poytaxt YHXB axborot xizmatining ma’lum qilishicha, hodisa oqibatida 2003-yilda tug‘ilgan “Cobalt” haydovchisi halok bo‘lgan, mashinadagi yo‘lovchi esa tan jarohati olgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan (“Transport vositasini boshqaruvchi shaxs tomonidan transport vositalari harakati va ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, odam o‘lishiga sabab bo‘lsa”) jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tergov davom etmoqda.
Avvalroq 5-iyun kuni Yakkasaroy tumanida “Yutong” rusumli elektrobus va ikki mashina ishtirokida YTH yuz bergani xabar qilingan.