TOShKENT, 6-iyun — Sputnik. O‘zbekiston prezidentligiga nomzodlarning ishonchli vakillari ro‘yxatga olindi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasining (MSK) navbatdagi majlisida ma’lum qilindi.
Majlisda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Ulug‘bek Inoyatov, O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasidan Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Robaxon Mahmudova hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasidan Abdushukur Hamzayevning ishonchli vakillari ro‘yxatga olindi.
Ulug‘bek Inoyatovning 15 nafar, Shavkat Mirziyoyevning 14 nafar, Robaxon Mahmudova hamda Abdushukur Hamzayevning 15 nafardan ishonchli vakillari ro‘yxatga olindi.
MSK kotibiyat rahbari Xudoyor Mamatovning so‘zlariga ko‘ra, nomzod saylovga qadar ishonchli vakilini MSKga ma’lum qilgan holda vakolatidan maxrum qilishi va uni boshqasi bilan almashtirishi mumkin. Ishonchli vakil ham istalgan vaqtda o‘z vakolatlarini zimmasidan soqid qilishga haqli.
"Nomzodlar ishonchli vakillarining O‘zbeksiton hududi doirasidagi safar harajatlari saylovni o‘tkazish uchun ajratiladigan mablag‘lar hisobidan to‘lanadi", deydi Xudoyor Mamatov.
Ishonchli vakilga uning arizasiga binoan saylovoldi tashviqoti o‘tkazish davrida ish haqqi saqlab qolinmagan holda ta’til berilishi mumkin. Ishonchli vakil boshqa nomzod yoki uning ishonchli vakili bilan birgalikda saylovchilar bilan birga uchrashuvlar o‘tkazishga yoki boshqa nomzodlar tomonidan tashkil etilgan uchrashuvlarda ishtirok etishga haqli.
Tashviqotni saylovchilarga bepul yoki imtiyozli shartlarda tovarlar berish, xizmatlar ko‘rsatish (axborot xizmatlaridan tashqari), shuningdek pul mablag‘lari to‘lash bilan qo‘shib olib borish taqiqlanadi. Noto‘g‘ri axborotni, shuningdek nomzodlarning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan ma’lumotlarni tarqatish taqiqlanadi.
Ma’lumot uchun, ishonchli vakillar prezident lavozimiga nomzodga saylov kampaniyasini o‘tkazishda yordam beradi, uning saylanishi uchun tashviqot olib boradi. Shuningdek, davlat organlari va jamoat birlashmalari, saylov komissiyalari bilan bo‘ladigan munosabatlarda nomzodning manfaatlarini ifodalaydi.