TOShKENT, 6-iyun — Sputnik. Janubiy Koreyaning Yechxon shahrida o‘tkazilayotgan yengil atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatining uchinchi kuni O‘zbekiston terma jamoasi uchun omadli o‘tdi. Bugungi bellashuvlarda o‘zbekistonlik sportchilar 4 ta oltin, 1 tadan kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritishdi, deya xabar berdi Milliy olimpiya qo‘mitasi.
O‘zbekistonlik atletlar orasida Barnoxon Sayfullayeva (balandlikka sakrash, 1.84 m), Xushnoza Shavkatova (uch hatlab sakrash, 13.07 m), Dilshoda Usmonova (stipl-chez, 10:22.402), O‘g‘iloy Norboyeva (ko‘pkurash, 5130 ochko) o‘z yo‘nalishlarida oltin medallarga sazovor bo‘lishdi.
Shuningdek, o‘n kurashchilar Nodir Norboyev (6956 ochko) hamda Samandar Mahmudov (6840) mos ravishda kumush va bronza medallarini jamg‘arishdi.
Ushbu kun dasturidan so‘ng O‘zbekiston terma jamoasi jamg‘argan medallar soni 4 ta oltin, 4 ta kumush va 1 ta bronza medallarini tashkil etmoqda. Bu bilan O‘zbekiston delegatsiyasi umumjamoa hisobida Yaponiya, Xitoy va Hindiston termalaridan so‘ng to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi.