TOShKENT, 5-iyun — Sputnik. Hafta davomida O‘zbekiston hududi bo‘yicha quruq va issiq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.
5-9 iyun kunlari respublikaning barcha hududlarida havo biroz bulutli bo‘ladi, ba’zi joylarda o‘zgarib turadi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Haroratning asta-sekin ko‘tarilishi davom etadi. Ish haftasining oxiriga kelib, kunduzi havo +37-40 darajagacha, 5-6 iyunda respublikaning shimolida, 6-8 iyunda janubda va cho‘l hududlarda +41-42 darajagacha isiydi.
Bunday harorat iyun oyining birinchi o‘n kunligi uchun bo‘lgan meyoriy qiymatlardan 4-6 darajaga yuqori hisoblanadi.
Respublikaning tog‘li hududlarida ushbu haftada asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘ladi, faqat Farg‘ona vodiysi bilan chegaradosh ayrim tog‘li hududlarda bugun kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
Respublikaning shimolida, janubida va cho‘l hududlarida 7-8 iyunda ba’zi joylarda shamol 15-20 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.
Poytaxtda 5-9 iyun kunlari havo kam bulutli bo‘ladi, sharqiy yo‘nalishdagi shamol birozdan o‘rtachagacha esadi. Harorat hafta boshida +35-37 daraja bo‘ladi, hafta oxiriga kelib, 38-40 darajagacha asta-sekin ko‘tariladi.