TOShKENT, 4-iyun — Sputnik. Hindistonning Odisha shtatida uchta poyezdning to‘qnashuviga elektron blokirovka tizimidagi nosozlik sabab bo‘lgan. Bu haqda mamlakat temir yo‘llari vaziri Ashvini Vayshnav ma’lum qildi.
“Gap elektron blokirovka haqida ketmoqda. Elektron blokirovka vaqtida sodir bo‘lgan o‘zgarish sababli avariya yuz bergan. Buni kim qilgani va qanday sodir bo‘lganligi tegishli tekshiruvdan so‘ng oydinlashadi”, — dedi u.
Hindistonning Balasor shahri yaqinida juma kuni kechqurun uchta poyezd - ikkita yo‘lovchi poyezdi va yuk poyezdi to‘qnashib ketdi.
Kalkuttadan Chennayga ketayotgan yo‘lovchi poyezdining bir nechta vagonlari yuk poyezdi bilan to‘qnashuvi oqibatida relsdan chiqib ketgan va qarama-qarshi yo‘lga tushib ketgan. Biroz vaqt o‘tgach, ularga yana bir yo‘lovchi poyezdi kelib urilgan, oqibatda odamlar bo‘lgan yana bir necha vagon relsdan chiqib ketgan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida 288 kishi halok bo‘lgan, 900 dan ortiq kishi jarohatlangan.