Ayrim talabalar uchun kontrakt to‘lash muddati uzaytirildi

10 iyungacha uzaytirilgan muddat bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarida tahsil olayotgan ayrim talabalarga taalluqli.
Sputnik
TOShKENT, 2-iyun — Sputnik. O‘zbekistonda ayrim talabalar uchun kontrakt to‘lash muddati 10-iyungacha uzaytirildi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, Davlat komissiyasi tegishli bayoni bilan ko‘pchilik abituriyentlar va ularning ota-onalari hamda OTM rektorlari murojaatlarini inobatga olgan holda ayrim toifadagi talabalar o‘qishi uchun to‘lov haqini o‘tkazish hamda talabalar safiga qabul qilishni rasmiylashtirishning so‘nggi muddati 10-iyun (shu kuni ham) etib belgilandi.
Bu muddat bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarida tahsil olayotgan quyidagilarga taalluqli:
to‘lov-kontrakt, jumladan, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar (1-kurslar);
o‘qishi ko‘chirilgan (ko‘chirib tiklangan);
o‘qishi qayta tiklangan talabalar uchun.
Shuningdek, kollej va texnikumlarga o‘quvchilikka tavsiya etilgan abituriyentlar (1-bosqich o‘quvchilari) uchun ham muddat 10-iyunga qadar uzaytirildi (2023 yil 15-martdan keyin kontraktini to‘laganlarning to‘lovi ham inobatga olinadi).
Ma’lumot uchun, yuqori bosqich (2- va undan yuqori kurs) talabalari uchun kontrakt to‘lash muddatini uzaytirish OTM rektor (direktor)larining vakolatiga berilgan.