TOShKENT, 2-iyun — Sputnik. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ (O‘TY) va “Rossiya temir yo‘llari” OAJ (RJD) tibbiyot xodimlari o‘zaro hamkorlik qilishga kelishib oldilar, deb xabar qilmoqda O‘TY matbuot xizmati.
"Hamkorlik, xususan, temiryo‘lchilar va aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishni yanada yaxshilash, shifokorlar malakasini oshirish, ular bilan o‘zaro tajriba almashish hamda teletibbiyot kai sohalarni qamrab oladi", - deyiladi xabarda.
RJD Sog‘liqni saqlash markaziy direksiyasi rahbari E.Jidkova boshchiligidagi delegatsiya “O‘zbekiston temir yo‘llari” Sog‘liqni saqlash xizmati faoliyati bilan yaqindan tanishish va hamkorlik qilish maqsadida O‘TY Markaziy klinik kasalxonasiga tashrif buyurdi.
Delegatsiya a’zolari shifoxonaning diagnostika, otoloringologiya, kardiologiya, oftalmologiya va jarrohlik bo‘limlari hamda temiryo‘lchilar va aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam, zamonaviy tibbiy apparatlar, bemorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi.
Davolash-profilaktika muassasalarida olib borilayotgan mashinistlar uchun o‘tkaziladigan reysdan oldingi va keyingi tibbiy ko‘riklar, profilaktika, tashxislash va davolashning yangi konservativ va operativ texnologiyalari, zamonaviy diagnostika hamda dispanserizasiya ishlari haqida fikrlarini bildirishdi. O‘z navbatida, Jidkova o‘zbekistonlik hamkasblariga RJD Sog‘liqni saqlash markaziy direksiyasi faoliyati to‘g‘risida gapirib berdi.