O‘zbekistonda ilk marta eko-taksilar xizmati yo‘lga qo‘yiladi

Buxoroga yo‘nalishsiz taksi xizmatini ko‘rsatuvchi 30 ta elektromobil olib kelindi. Yaqin orada ularning soni yana oshiriladi.
Sputnik
TOShKENT, 2-iyun — Sputnik. O‘zbekistonda ilk marta elektromobillar yo‘nalishsiz taksi xizmatini ko‘rsatadi, deya xabar berdi Transport vazirligi.
​Qayd etilishicha, “White House Bukhara” MChJ korxonasi Buxoroga 30 ta elektromobil olib kelgan.
Eko-taksilar to‘la quvvat bilan 500 km dan ortiq masofani bosib o‘tadi. Yaqin orada tashuvchi parkiga yana 20 ta elektromobil kelib qo‘shiladi.
Ma’lumot uchun, prezidentning PQ-443-son qaroriga muvofiq, elektromobillar va gibrid avtomobillarda yo‘lovchilarni tashish xizmatlarini ko‘rsatuvchi jismoniy va yuridik shaxslar 2030-yil 1-yanvarga qadar litsenziya varaqalari berilganligi uchun davlat bojini to‘lashdan ozod etilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston shu yilning yanvar-aprel oylarida 9 ta xorijiy davlatdan 2 544 dona elektromobil import qilgan. Ularning narxi 81,3 mln dollarga teng. Elektromobillar importi o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 1815 taga oshgan.