TOShKENT, 2-iyun — Sputnik. Haj-2023 mavsumi uchun bir ziyoratchiga to‘lov miqdori – 68 mln 760 ming so‘m etib belgilandi, deya xabar berdi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita.
Qayd etilishicha, 2023-yilda O‘zbekiston fuqarolari uchun umumiy haj kvotasi 15 ming nafar etib belgilandi. Bu yilgi haj mavsumi uchun kvota 12 mingdan 15 ming nafarga oshirilgan.
Ayni paytda Saudiya Arabistonida bo‘lib turgan ishchi guruh Makka va Madina shaharlarida sharoitlarni hozirlash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Keyingi yillarda mamlakatdan haj safariga boruvchilar sonini bosqichma-bosqich oshirib borish rejalashtirilgan.
Qayd etish joizki, 2022-yilda 1 nafar ziyoratchiga to‘lov miqdori 62 million 900 ming so‘m etib belgilangan edi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistondan Saudiya Arabistoniga 4-iyundan 19-iyunga qadar har kuni 4 ta aviaqatnov amalga oshiriladi. Bu yil 10 ta hududiy aeroportlardan – Toshkent-Madina, Buxoro-Madina, Namangan-Madina, Farg‘ona-Madina, Samarqand-Madina, Qarshi-Madina, Termiz-Madina, Urganch-Madina, Nukus-Madina va Navoiy-Madina yo‘nalishlari bo‘yicha ziyoratchilar haj safariga kuzatiladi.