TOShKENT, 1-iyun — Sputnik. Toshkent va Olmaota o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha memorandum imzolanishi mumkin. Qozog‘istonning Olmaota viloyati hokimi o‘rinbosari Nurjan Kudayberganov Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov bilan uchrashuvda shunday taklif bildirdi.
Uchrashuvda Kudayberganov Toshkent va Olmaota o‘rtasida birodarlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishni ham taklif qildi.
Tomonlar hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar va ularning istiqbollarini muhokama qilishdi.
Nurjan Kudayberganov Toshkent shahridagi o‘zgarish va yangilanishlar, poytaxt jadal sur’atlarda o‘sib borayotgani, Yangi Toshkent qurilishi boshlanganligini e’tirof etdi.
Olmaota viloyatida yangi shahar markazi qurilishi rejalashtirilganligi va bu boradagi loyiha va ishlarni tashkil etishda Toshkent shahri tajribasi bilan o‘rtoqlashish muhim ekanligini qayd etdi.
Baxtiyor Rahmonov Yangi Toshkent loyihasi xususida to‘xtalar ekan, u yerda ma’muriy binolar qatori, turar joylar, ijtimoiy va xizmat ko‘rsatish obyektlari, IT-markazlar, umuman, zamonaviy shahar markazi talabiga mos barcha inshootlar barpo etilishini aytib o‘tdi.