Xalqaro informatika olimpiadasida O‘zbekiston vakili ilk bor medal oldi

Dilshodbek Xo‘jayev 200 ga yaqin yoshlar ishtirok etgan olimpiadada bronza medali sohibi bo‘ldi.
Sputnik
TOShKENT, 31-may — Sputnik. O‘zbekistonlik Dilshodbek Xo‘jayev Osiyo – Tinch okeani mintaqasi informatika olimpiadasida bronza medalini qo‘lga kiritdi. Bu haqda Fan olimpiadalari bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash departamenti xabar berdi.
Mintaqaviy xalqaro olimpiada Xitoy davlati tomonidan 21-may kuni masofaviy tarzda tashkil etildi. Unda dunyoning 33 ta mamlakatidan jami 204 nafar iqtidorli yoshlar ishtirok etishdi.
Olimpiadada ishtirok etish uchun saralab olingan terma jamoa a’zolaridan biri, Dilshodbek Xo‘jayev bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Dilshodbek Xo‘jayev
Bu Osiyo-Tinch okeani mintaqasi informatika olimpiadasidagi o‘zbekistonlik o‘quvchilar tomonidan qo‘lga kiritilgan ilk medal hisoblanadi.
Dilshodbek Xo‘jayev Toshkent shahar Olmazor tumanidagi Ixtisoslashtirilgan maktabning 11-sinfida o‘qiydi.