Hindiston raisligidagi ShHT sammiti qachon va qanday formatda o‘tkazilishi ma’lum bo‘ldi

Sammitda qatnashish uchun ShHTga a’zo barcha davlatlar taklif etilgan.
Sputnik
TOShKENT, 31-may — Sputnik. Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) ning Hindiston raisligidagi ilk va umumiy hisob bo‘yicha 23-sammiti 2023-yil 4-iyul kuni onlayn formatda bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Hindiston tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Sammitda qatnashish uchun ShHTga a’zo barcha davlatlar taklif etilgan: O‘zbekiston, Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Pokiston. Bundan tashqari, Eron, Belarus va Mo‘g‘uliston kuzatuvchi davlatlar sifatida, Turkmaniston mehmon sifatida taklif etilgan.
Sammitda ShHTning ikki organi – kotibiyat va Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (MATT) rahbarlari ham ishtirok etadi.
Bo‘lajak sammitning mavzusi – “Towards a SECURE SCO” (“Xavfsiz ShHT yo‘lida”).
ShHT sammiti o‘tgan yil sentabr oyida Samarqandda o‘tkazilgan edi.
ShHTning Samarqand sammiti doirasida Eronning tashkilotga to‘laqonli a’zo sifatidagi majburiyatlari to‘g‘risidagi Memorandum imzolandi. Belarusga ShHT to‘laqonli a’zosi maqomini berish tartibini boshlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
ShHT - 2001-yilda tashkil etilgan xalqaro tashkilotdir. Unga Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Pokiston va O‘zbekiston a’zo.
Kuzatuvchi davlatlar – Afg‘oniston, Belarus, Eron va Mo‘g‘uliston, hamkor davlatlar – Ozarbayjon, Armaniston, Kambodja, Nepal, Turkiya va Shri-Lanka.