Toshkent viloyatida belgilanmagan joyga chiqindi tashlagan fuqaro jarimaga tortildi

Noqonuniy tarzda chiqindi tashlagan fuqaro 1 mln 650 ming so‘m miqdorida jarimaga tortildi.
Sputnik
TOShKENT, 30-may - Sputnik. Toshkent viloyatida fuqaro belgilanmagan joyga noqonuniy tarzda chiqindini tashlagani uchun 1 mln 650 ming so‘m miqdorida jarimaga tortildi, deya xabar berdi Tabiat resurslari vazirligi.
Ma’lum bo‘lishicha, 29-may kuni viloyatning Yangiyo‘l shahri, Yangibog‘ MFY xududida davlat raqami “10 C 335 BA” bo‘lgan “Damas” rusumli avtotransportni boshqarib kelayotgan fuqaro belgilanmagan joyga chiqindi tashlagan. Mazkur jarayon Tabiat resurslari vazirligi tomonidan o‘rnatilgan maxsus kuzatuv kameralari orqali aniqlangan.
Xabarda aytilishicha, xuquqbuzar tashlangan chiqindini o‘zi tozaladi. Holat yuzasidan unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 1 mln 650 ming so‘m miqdorida jarimaga tortilgan.
Ma’lumot o‘rnida, bugungi kunda vazirlik tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi noqonuniy chiqindi tashlanadigan xududlarda 25 ta zamonaviy maxsus kameralar o‘rnatilgan. Ular dispetcherlik va onlayn monitoring markaziy boshqarmasi tomonidan onlayn rejimda kuzatilmoqda.
Shuningdek, ayni paytda yana qo‘shimcha 200 ga yaqin kuzatuv kameralarini o‘rnatish rejalashtirilgan. Kelgusida esa bu kabi kameralar butun mamlakat bo‘ylab o‘rnatiladi.