TOShKENT, 30-may — Sputnik. Ukrainaga G‘arb qurol-yarog‘larining yetkazib berilishi faqat jangovar xatti-harakatlarni cho‘zadi, biroq maxsus harbiy operatsiya natijalariga ta’sir ko‘rsata olmaydi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi rahbari Sergey Shoygu selektor yig‘ilishida ma’lum qildi.
Kiyev yo‘qotishlari
May oyida Kiyev 16 mingdan ziyod kishi, 400 tadan ziyod tank va boshqa zirhli jangovar mashina va 238 ta artilleriya quroli va minomotni yo‘qotdi.
Shoyguning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina aviatsiya yo‘qotishlari keskin oshgan: aprel oyida 8 ta samolyot va 277 ta uchuvchisiz uchar qurilma urib tushirilgan bo‘lsa, may oyida esa Rossiya armiyasi dushmanning 16 ta samolyoti va 5 ta vertoloti hamda 466 ta uchuvchisiz uchar qurilmasini yo‘q qilgan.
Bundan tashqari, Rossiya harbiylari HIMARS zalp bilan o‘t ochuvchi reaktiv tizimining 196 ta snaradi, “Storm Shadow”ning 29 ta qanotli raketasi va 16 ta HARM radiolokatsiyaga qarshi raketani tutib qolishgan.
G‘arb texnikasiga berilgan zarba
Rossiya harbiylari Ukrainaga yetkazib berilayotgan G‘arb texnikasi va qurol-yarog‘larining hajmlari va yo‘llarini kuzatishmoqda va ularni aniqlashlari bilan zarba berishapti: “So‘nggi kunlarda Xmelniskiy, Ternopol va Nikolayevda G‘arb qurol-yarog‘larining yirik omborlari yo‘q qilindi, Kiyevda Amerikaning “Patriot” zenit raketa kompleksi yakson qilindi”.
“Ukrainani harbiy qo‘llab-quvvatlash jangovar harakatlarni cho‘zadi xolos, biroq maxsus harbiy operatsiya natijasiga ta’sir ko‘rsata olmaydi”.
Ukraina uyushtirayotgan teraktlar
“NATO qurol-aslahasidan foydalanib, Kiyev hukumati ijtimoiy obyektlarga zarba berishda davom etmoqda, osuda Rossiya fuqarolariga qarshi terakt uyushtirmoqda. Qurolli kuchlarimiz ukrain jangarilari harakatlariga keskinlik bilan javob qaytarmoqda”.
Gap 22-may kuni Belgorod viloyatiga ukrain qo‘poruvchi guruhining hujumi hamda 30-may kuni Moskva va Moskva viloyatidagi fuqaroviy obyektlariga uyushtirilgan dronlar hujumi haqida bormoqda.