“Ali bobo va qirq qaroqchi” filmining yangi talqini yaratiladi

“Ali bobo va qirq qaroqchi” filmining zamonaviy talqini uchun aktorlarni tanlash va taxminiy budjet muhokama qilindi.
Sputnik
TOShKENT, 27-may — Sputnik. O‘zbekiston, Rossiya va Hindiston birgalikda “Ali bobo va qirq qaroqchi” filmining zamonaviy talqinini yaratadi. Bu haqda Kinematografiya agentligi ma’lum qildi.
Agentlik va “O‘zbekfilm” davlat unitar korxonasi rahbariyatining rossiyalik rejissor Jahongir Fayziyev va hindistonlik rejissor va ssenariylar muallifi Umesh Mehra bilan onlayn-uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston-Rossiya-Hindiston hamkorligidagi loyiha – afsonaviy “Ali bobo va qirq qaroqchi” filmining zamonaviy talqinini yaratish fikri ko‘rib chiqildi. Shuningdek, tashkiliy masalalar, aktorlarni tanlash va filmning taxminiy budjeti muhokama qilindi.
Jahongir Fayziyev 1979-yilda suratga olingan “Ali bobo va qirq qaroqchi” filmi rejissori Latif Fayziyevning jiyani hisoblanadi.
Uchrashuvda suratga olinishi rejalashtirilgan kartina kambag‘al o‘tinchi Ali Bobo haqidagi afsonaning birinchi qismini davom ettirish va zamonaviy talqinda suratga olinish kerakligi qayd etildi.
Kinolentani yaratishning barcha amaliy masalalarini iyul oyida ko‘rib chiqishga kelishib olindi.