Endi O‘zbekistonda donalab sigaret sotish taqiqlanadi — yangi qoidalar

O‘zbekistonda 3 oydan so‘ng donalab yoki ochilgan, iste’mol o‘rovida sigaretalar va qizdiriladigan tamaki mahsulot sotish taqiqlanadi.
Sputnik
TOShKENT, 26-may — Sputnik. Endi O‘zbekistonda donalab yoki ochilgan sigaretalar sotish taqiqlanadi. Bu haqda prezident tomonidan imzolangan O‘RQ–844-sonli qonunda nazarda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, donalab yoki ochilgan (yaxlitligi buzilgan), iste’mol o‘rovida (qutisida) sigaretalar va qizdiriladigan tamaki mahsulot sotish taqiqlanadi.
Quyidagilar tamaki mahsulotlari jumlasiga kiradi:
chekiladigan mahsulotlar (papiroslar, sigaralar, sigaretalar, sigarillalar (sigaritalar);
qizdiriladigan tamaki mahsulotlari;
chilim uchun tamaki;
chekiladigan va chekilmaydigan mahsulotlar (nosvoy, tamakili snyus, hidlanadigan tamaki, chaynaladigan tamaki).
Tamaki mahsulotlarining rag‘batlantiruvchi, tetiklashtiruvchi, shifobaxsh, yoshartiruvchi yoki boshqa ijobiy samaraga ega ekanligi haqida bevosita yoki bilvosita tasavvur hosil qiladigan axborotni joylash taqiqlanadi.
Shuningdek, "qatron miqdori kam", "yengil", "juda yengil","juda yengil", "yumshoq", "ekstra", "ultra", "ingichka" kabi so‘zarni yoxud bunday so‘zlar bilan bir o‘zakli so‘zlarni, chet tillardagi muqobillari, chet tillardan tarjima qilinadigan muqobillarini joylashtirish taqiqlanadi.
Tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish uchun maxsus ajratilgan joylarga tamaki mahsulotlarining qoldiqlari uchun yonmaydigan axlatdonlar, shuningdek, bunday joylarda qayerdaligi haqida axborot beruvchi ko‘rsatkichlar o‘rnatiladi.
Tamaki mahsuloti qutisida (o‘ramida) mahsulotni iste’mol qilishning inson sog‘lig‘iga salbiy ta’siri to‘g‘risidagi matn va rasm shaklidagi tibbiy ogohlantirish mavjud bo‘lishi shart.
Sotuvchi tamaki mahsulotlarini savdo zaliga qo‘yishdan oldin tashqi belgilariga qarab ularning sifatini tekshirib ko‘rishga majburdir.
O‘zbekistonda 21 yoshga to‘lmaganlarga tamaki va alkogol sotish taqiqlandi