TOShKENT, 25-may — Sputnik. Agar yangi Toshkent aeroporti qurilishi ma’qullansa, havo bandargohi shahar tashqarisiga olib chiqiladi, deb xabar berdi "Uzbekistan Airports" Sputnik muxbiriga.
Shu bilan birga, mavjud aeroport ham o‘z ishini davom ettirishi mumkin. Kompaniyaning aniqlik kiritishicha, yangi aeroport qurish masalasi haligacha hal etilmagan.
“Toshkent xalqaro xab sifatida ulkan eksport salohiyatiga ega. Ammo mavjud aeroportning ko‘plab cheklovlari bor, chunki poytaxtning rivojlanishi bilan u deyarli shahar markazida bo‘lib chiqdi...Shu bois yangi aeroport qurish masalasi ustida ishlayapmiz”, - dedi "Uzbekistan Airports" aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva.
Eslatib o‘tamiz, kuni kecha "Uzbekistan Airports" Singapurning "Changi Airports" kompaniyasi bilan birgalikda Toshkentda yangi aeroport qurish masalasi ustida ish olib borayotgani ma’lum qilingandi.
Tomonlar “Toshkent” xalqaro aeroportini hamkorlikda rivojlantirish to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi, bu esa mavjud havo bandargohini optimallashtirish va yangisini qurish uchun texnik-iqtisodiy asoslashni tayyorlashni nazarda tutadi.