Sezdirmay kelgan defolt: Ukraina har bir dollar uchun javob beradi

AQShdagi respublikachilar va demokratlar davlat qarzining chegarasi bo‘yicha hech bir to‘xtamga kela olmayapti. O‘zini nimagadir dunyodagi eng ilg‘or iqtisodiyot deb ataydigan mamlakat bir hafta ichida haqiqiy mutlaq defoltga duch kelmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 24-may — Sputnik. Shu munosabat bilan amerikaliklarda Ukrainaga homiylik qilishda davom etishlari arziydimi, degan savol tug‘ildi.
"Hill" nufuzli gazetasi sharhlovchisining ta’kidlashicha, “qarz chegarasining boshi berk ko‘chaga kirib qolishi va Ukrainaning bo‘lajak qarshi hujumining noaniq oqibatlari sababli keyingi moliyalashtirish raundiga oid jiddiy muzokaralar kechiktirildi”.
Buni Vashington tomonidan o‘zining “qanoti ostidagi” ukrainlariga nisbatan oddiy shantaj sifatida tushunish mumkin – avval qarshi hujum, keyin esa pul. Biroq, Ukraina mavzusi defolt mavzusi bilan birga paydo bo‘lishi boshqa, jiddiyroq ma’noga ega.
AQShdagi har bir yirik iqtisodiy inqiroz o‘zlari tomonidan yaratilganini anglab yetish oson. Bunda birdan va tezlik bilan bir necha oilalar, korporatsiyalar va banklar boyib ketadi, oddiy Amerika fuqarolari esa ommaviy ravishda bankrot bo‘lishadi, keyin esa jonlariga qasd qilishadi yoki dorilar bilan depressiyani tuzatishga harakat qilishadi.
Bu 2008-yilda "Goldman Sachs" kabi banklarning bankrot bo‘lgan soliq to‘lovchilar hisobiga o‘z balansini muvaffaqiyatli to‘ldirib, davlat budjetidan yuzlab milliard dollar o‘zlashtirganlarida juda aniq bo‘lgan.
Ammo AQSh fuqarolari unchalik g‘azablanmasliklari uchun ular nima sababdan bu safar uylaridan, ishlaridan va pensiya jamg‘armalaridan mahrum bo‘lganliklarini tushuntirib beradigan har gal qandaydir hiyla o‘ylab topishadi. Ko‘p hollarda bu hiyla urush bo‘ladi.

2008 yilgi Buyuk iqtisodiy tanazzulni (ipoteka inqirozidan tashqari) AQShning Iroq va Afg‘onistondagi urushlarga sarflagan xarajatlari bilan bog‘lashgan edi. 2000-yillardagi dotkom inqirozi – Yugoslaviyani vayron qilishdagi keraksiz xarajatdir.

Ammo bu turdagi eng mashhur misol Vyetnam urushi bo‘ldi. Gap shundaki, 1970-yillar boshida AQShni navbatdagi iqtisodiy inqiroz qamrab oldi. Inflyatsiya, davlat qarzining o‘sishi, dollarning qadrsizlanishi, fuqarolarning ommaviy noroziligi. Mamlakat shunchalik talvasaga tushdiki, prezident Nikson AQSh dollari endi oltin bilan ta’minlanmayotganligini e’lon qilishga majbur bo‘ldi.
Dunyodagi har qanday oddiy mamlakat uchun bu holat defoltni anglatar edi, ammo o‘shanda, 70-yillarning boshlarida dunyoning yetakchi o‘yinchilari o‘yinning yangi qoidalariga rozi bo‘lishdi – dollar xalqaro hisob-kitoblar uchun juda qulay edi. Ammo dollarning qadrsizlanishi ham yordam bermadi: AQSh iqtisodiy inqirozdan faqat 80-yillarda chiqdi.
70 yillardagi shafqatsiz tanazzulda kimni ayblash mumkin? Albatta, Janubiy Vyetnam. O‘zini Vashingtonning eng yaqin do‘stlari deb bilgan mahalliy rahbarlarning hammasi poraxo‘r amaldorlar ekani birdan ma’lum bo‘ldi. Ularning Pentagondagi sheriklari aqldan ozgandek o‘ziga ulush sug‘urib olmoqchi bo‘ldi. Vyetnam urushiga juda ko‘p pul behuda sarflangan. AQSh Kongressi janubiy vyetnamliklarga homiylik qilishdan bosh tortdi, amerikaliklar Saygondan qochib ketishdi.
“Vyetnam urushi ... AQShda to‘lovlar taqchilligini keltirib chiqardi, bu esa dollarning qadrsizlanishiga va Bretton-Vuds tizimining tugashiga olib keldi”, – deb yozadi 1973-yilda "The New York Times". Gazeta o‘quvchilarining gazetaga ishonishdan boshqa yana qanday ilojlari bor edi?
AQShning hozirgi iqtisodiy vaziyati 1970-yillarning boshlariga qaraganda sezilarli darajada yomonroq. Inflyatsiya 1,5 barobarga, davlat qarzi 30 barobarga oshdi. Dollarning sotib olish qobiliyati nihoyatda tushdi – 1970-yilda 30 000 dollar turadigan uy hozir yarim millionga sotilmoqda. Bundan tashqari, yarim asr oldin AQSh o‘z ishlab chiqarishiga ega edi va shundan beri ko‘plab obyektlar chet elga ko‘chirildi.
Eng muhimi, dunyoda Amerika dollari va Amerika iqtisodini saqlab qolmoqchi bo‘lgan davlatlar deyarli qolmadi. Kimga kerak? Amerika obligatsiyalarini sotib olasiz-u, ular birdan muzlatib qo‘yiladi. Bu yerda yana “defolt” so‘zi ishlatiladi.
Vashington uchun barcha iqtisodiy qiyinchiliklarni, jumladan, davlat qarzini to‘lamaganlikni ham Ukrainaga o‘tkazishdan qulayroq narsa yo‘q. Bu holatda asosli e’tiroz bildirish mumkin: Kiyevning bunga nima aloqasi bor? Vashington rejimi tomonidan Rossiya bilan urush uchun ajratilgan o‘nlab milliardlar hech narsa emas, bu dengizdan bir tomchi.
Vyetnam urushi ham Amerika budjetiga ancha arzonga tushgan edi. Yiliga bir necha milliard, bu butun harbiy budjetning besh foizidan ko‘p emas. Bu shunchaki tiyinlardek tuyuladi.
Shunchaki, Vyetnam OAVlarning diqqat markazida edi. U haqida yozishdi, gapirishdi, filmlar suratga olishdi, namoyishlarga chiqishdi. O‘z foydasiga navbatdagi inqirozni uyushtirgan AQSh elitasi uchun inflyatsiya, ishsizlik, katta inqiroz va dollarning qadrsizlanishini Vyetnam urushi bilan bog‘lash juda oson edi.
Hozir Ukraina butun dunyoning diqqat markazida. Axborot agentliklari uning yashil kiyimdagi bosh rahbarining harakatlarini intiqlik bilan kuzatib borishmoqda. Dunyoning barcha OAVlarining muharrirlari o‘z taqdirlarini la’natlab, “Avdeyevka” yoki “Artyomovsk” kabi murakkab toponimlarni o‘z ona tiliga ko‘chirishmoqda.
Ehtimol, Zelenskiy (o‘zining professional og‘ishlari bilan) bu shon-shuhratning cho‘qqisi deb o‘ylaydi. Aslida, qurbonlikka tortilayotganning tomog‘i kesilishidan avval shunday bezatishadi.
Bu yil bo‘lmasa, keyingi yilda amerikaliklar o‘zlarining iqtisodiy inqirozi uchun Ukrainani javobgarlikka tortishlari muqarrar. Ular qarzlarni to‘lashni ham, kredit-lizing to‘lovini ham talab qiladilar – ha, foizlar bilan. Uni o‘nlab yillar davomida ham to‘lab bitirib bo‘lmaydi, bu aniq.
Yanada qiziqroq boshqa narsa bor: ellik yil oldin amerikaliklar dollarni oltindan ajratib, qadrsizlantirishgan. Bu safar, hozirgi dollar vaziyatini hisobga olgan holda endi nima qilishmoqchi?