TOShKENT, 21-may — Sputnik. Bugun, 21-may kuni Toshkentda “Men g‘olib” harbiy-vatanparvarlik ommaviy yugurish musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Musobaqa O‘zbekiston Qurolli kuchlari va kuch ishlatuvchi tuzilmalarining vakillari, harbiy o‘quv muassasalarining kursantlari, hamda sport havaskorlari va professional sportchilar ishtirokida o‘tkazildi.
Humo Arena sport majmuasining hududida 3 km va 10 km masofalarga yugurish uchun 2000 ga yaqin ishtirokchilar to‘plandi.
“Men g‘olib” ko‘chma kubogini qo‘lga kiritish uchun Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Prezident Davlat xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qo‘mitasi vakillaridan iborat 8 ta jamoa kurash olib bordi. Shuningdek, Qurolli kuchlar akademiyasi, Jamoatchilik xavfsizligi universiteti, IIV akademiyasi, FVV vazirligi, DXX akademiyasi va DSQ institutini taqdim etuvchi, kuch ishlatuvchi tuzilmalarning o‘quv yurtlari kursantlaridan shakllantirilgan 6 ta jamoa orasida ham kubok o‘ynaldi.
Jamoaviy musobaqada g‘oliblikni O‘zbekiston Mudofaa vazirligi qo‘lga kiritdi.