TOShKENT, 20-may — Sputnik. Saudiya Arabistonida Haj amallarini bajarish uchun “Haj-2023” vizasi bo‘lishi shart, deya xabar berdi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita.
Aytilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda Haj qilishga chaqiruvchi jimjimador sarlavhali reklamalar ko‘paymoqda. Ayrimlar Umra, turistik va biznes viza bilan Haj qilishni va’da qilmoqda.
“Ammo buning imkoni yo‘q. Yodingizda tuting! Saudiya Arabistonida Haj amallarini bajarish uchun sizda “Haj-2023” vizasi bo‘lishi shart”, - deyiladi xabarda.
O‘zbekiston uchun ajratilgan haj kvotasi faqatgina Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va Musulmonlar idorasi tomonidan tashkil etiladigan Haj safariga otlangan ziyoratchilarga ajratilgan.
Muborak safarlarga noqonuniy yo‘llar bilan borishga intilish Saudiya Arabistonidan deport qilish va Saudiya Arabistoniga har qanday viza bilan 10-yil muddatga kirishni taqiqlash hamda 100.000 saudiya riyoli (26.000 dollar) miqdorida jarima solishga olib keladi.
Birgina 2022-yil Haj masumida 500 nafardan ortiq O‘zbekiston fuqarosi turistik va biznes viza orqali Saudiya Arabistoniga tashrif buyurib, Haj ibodati maydoni “Mashoir”ga kira olishmagan.
Haj mavsumi arafasida ziyorat viza (turistik) olgan holda Birlashgan Arab Amirliklari va Iordaniya davlatlari orqali kelgan 1500 nafarga yaqin fuqarolar esa Saudiya Arabistoni hududiga kiritilmagan. Jumladan, 155 nafar fuqarolar Podshohlik haj qonunchiligini buzganlik uchun Saudiya Arabistonidan 10-yil muddatga deportatsiya qilingan.