TOShKENT, 19-may — Sputnik. Markaziy saylov komissiyasi (MSK) O‘zbekiston prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar smetasini 174 milliard 130 million so‘m miqdorida ishlab chiqdi. Bu haqda MSKning navbatdagi majlisida ma’lum qilindi.
MSK a’zosi Adham Ibodullayevning so‘zlariga ko‘ra, 2021-yildagi prezident saylovida 26 foizi va joriy yilda bo‘lib o‘tgan referendumda 13,5 foiz budjet mablag‘lari iqtisod qilingan.
Mazkur mablag‘ avvalgi prezident saylovi uchun ajratilgan mablag‘dan 41 foizga kamdir. Xarajatlar smetasiga ko‘ra mablag‘larning deyarli 82 foizi okrug va uchastka saylov komissiyalarining faoliyatini tashkil etish uchun ajratilmoqda.
Ushbu mablag‘larning 76 foizi okrug va uchastka saylov komissiyalari a’zolari (a’zolarning aksariyat qismi o‘qituvchi, shifokor, faol fuqarolar tarkibidan shakllantirilgan) mehnati uchun to‘lab beriladigan kompensatsiya to‘lovlari uchun sarflanishi uchun rejalashtirilgan.
"Umumpartiyaviy tadbirlar va siyosiy partiya tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlarning saylovoldi tashviqoti va targ‘ibot ishlarini amalga oshirishga ajratiladigan mablag‘lar — 19 mlrd 655 mln so‘mni tashkil etishi ta’kidlandi. Bunda, har bir nomzodga 4 mlrd 914 mln so‘mdan to‘g‘ri kelmoqda", - deydi Adham Ibodullayev.
Qayd etilishicha, xarajatlar smetasini shakllantirish jarayonida qonun talablaridan kelib chiqib, avvalgi siyosiy tadbirlarda amalga oshirilgan sarf-xarajatlarni maqbullashtirishni hisobga olgan holda barcha mablag‘ talab etiladigan jihatlari e’tiborga olingan.
Eslatib o‘tamiz, 2021-yil uchun prezident sayloviga 300 milliard so‘m ajratilgandi.