O‘zbekiston va Qirg‘iziston favqulodda vaziyatlar sohasida hamkorlikni kuchaytiradi

O‘zbekiston va Qirg‘iziston favqulodda vaziyatlar vazirlari ikki davlat qutqaruv idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan navbatdagi hujjatni imzoladi.
Sputnik
TOShKENT, 15-may — Sputnik. O‘zbekiston va Qirg‘iziston ikki davlat qutqaruv idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytiradi. Bu haqda O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tegishli hujjatni O‘zbekiston va Qirg‘iziston Favqulodda vaziyatlar vazirlari Abdulla Qo‘ldoshev va Boobek Ajikeyev imzoladi.
Ajikeyevning O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida ikki davlat qutqaruv idoralari rahbarlari transchegaraviy favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etishda hamkorlik qilish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqladilar.
Mazkur hujjat 9 banddan iborat. Undan qo‘shma mashg‘ulotlar, seminarlar, axborot almashish tizimini takomillashtirish va bu boradagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan tadbirlar joy olgan.