Bokuda “O‘zbekiston madaniyat kunlari” o‘tkaziladi

Iyun-iyul oylarida Boku shahrida “O‘zbekiston madaniyat kunlari” o‘tkaziladi.
Sputnik
TOShKENT, 15-may — Sputnik. Joriy yilning iyun-iyul oylarida Boku shahrida “O‘zbekiston madaniyat kunlari” o‘tkaziladi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Ozarbayjon Madaniyat vaziri Adil Kerimli bilan uchrashuvda bunga kelishildi.
9-12 may kunlari O‘zbekiston Madaniyat va turizm vazirligi delegatsiyasi “Shusha – Turk dunyosining madaniyat poytaxti” deb e’lon qilingani munosabati bilan Ozarbayjonda o‘tkazilgan tadbirlarda ishtirok etdi.
Xususan, xalqaro “Haribulbul” festivalida “Navbahor” hamda “Ayqulash” davlat ashula va raqs ansambllari o‘z chiqishlari bilan o‘zbek san’atini yorqin namoyish etdi.
Shuningdek, anjuman doirasida turkiy davlatlar oshpaz va xunarmandlari tomonidan ko‘rgazma tashkil etildi. Unda O‘zbekiston oshpazlar va Hunarmandlar uyushmalari vakillari ishtirokida O‘zbekiston milliy pavilonining tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi.
Safar davomida Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov Xalqaro turk madaniyati va merosi jamg‘armasi prezidenti Gunay Efendiyeva bilan uchrashdi. Muloqot chog‘ida ushbu jamg‘arma bilan hamkorlik aloqalarini jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.