Turkiyada saylovda ovoz berish yakunlandi

Fuqarolar to‘qqiz soat davomida kelgusi besh yil davomida mamlakatni boshqaradigan prezidentni va parlamentning 600 nafar deputatini tanladi.
Sputnik
TOShKENT, 14-may — Sputnik. Turkiyada prezidentlik va parlament saylovlari uchun saylov uchastkalari yopildi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
“Prezidentlik va parlament umumiy saylovlari uchun ovoz berish jarayoni yakunlandi va hozirgacha kengashga hech qanday salbiy holat haqida xabar kelib tushmadi”, - dedi Oliy saylov kengashi (YSK) raisi Ahmet Yener.
Fuqarolar to‘qqiz soat davomida (soat 8:00 dan 17:00 gacha) kelgusi besh yil davomida mamlakatni boshqaradigan prezidentni va parlamentning 600 nafar deputatini tanladi.
YSK ma’lumotlariga ko‘ra, 81 viloyatda 190 mingdan ortiq saylov qutilari o‘rnatildi. Turkiyaning 60 million 721 ming 475 nafar aholisi ovoz berish huquqiga ega bo‘lib, ularning aksariyati ayollardir – 30,7 milliondan ortig‘i. Xorijiy saylov uchastkalarida ovoz berish 27-apreldan 9-mayga qadar bo‘lib o‘tdi va unda 1,8 milliondan ortiq fuqaro ishtirok etdi.
Prezidentlikka uchta nomzod bor: amaldagi prezident 69 yoshli Rajab Toyib Erdog‘an (“Adolat va taraqqiyot partiyasi”), oltita muxolifat partiyasidan yagona nomzod 74 yoshli Kemal Qilichdoro‘g‘li (“Respublika xalq partiyasi”) va “Ata” alyansidan 55 yoshli Sinan O‘g‘an. To‘rtinchi nomzod, “Memleket” partiyasi yetakchisi Muharrem Inje saylovga uch kun qolganda nomzodlikdan voz kechganini ma’lum qildi.
YSK dastlabki natijalarni bugun kechasi e’lon qilishga va’da bergan. Saylovning yakuniy natijalari 19-may kuni e’lon qilinishi kutilmoqda.
Agar nomzodlarning hech biri 50 foiz ovoz ololmasa, ikkinchi tur o‘tkaziladi. U 28-mayga belgilangan.