TOShKENT, 12-may — Sputnik. O‘zbekistonda yuqori natijalarga erishgan pedagoglarga 50 foizgacha ustama to‘lash tizimi joriy etiladi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida 2023-yil birinchi choragi yakunlari yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti eshitildi.
Quyi palata xabariga ko‘ra, professional ta’lim sohasi xodimlari mehnatiga haq to‘lashning yangi tizimini joriy etish maqsadida prezidentning “Professional ta’lim muassasalari xodimlari mehnatiga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimini joriy etish va ularni moddiy rag‘batlantirishni kuchaytirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi ishlab chiqilgan.
“Ushbu hujjat professional ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarning lavozim maoshlarini o‘rtacha 20 foizga oshirishga, fidoyi, tashabbuskor hamda yuqori natijalarga erishgan pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga har oylik 50 foizgacha ustama to‘lash tizimi joriy etilishiga xizmat qiladi”, - deyilgan xabarda.
Yig‘ilishda deputatlar Vazirlar Mahkamasining hisobotini ma’qulladi.