O‘zbekiston prezidenti saylovi — 2023

O‘zLiDeP Shavkat Mirziyoyevni prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatadi

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi muddatidan ilgari prezident saylovida Shavkat Mirziyoyev nomzodini ilgari surishini ma’lum qildi.
Sputnik
TOShKENT, 12-may — Sputnik. O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi (O‘zLiDeP) Siyosiy kengashi Shavkat Miromonovich Mirziyoyev nomzodini O‘zbekiston prezidentligiga ko‘rsatish masalasini navbatdagi partiya syezdi muhokamasiga kiritilishini bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda partiya matbuot xizmati xabar berdi.
Majlisda so‘nggi yillar davomida amaldagi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev boshchiligida barcha sohalarda ulkan islohotlar amalga oshirilganligiga alohida urg‘u berilgan. Mamlakatda erishilayotgan yutuqlar nafaqat O‘zbekistonda, balki xalqaro hamjamiyat tomonidan ham yuksak darajada e’tirof etilayotganligiga alohida e’tibor qaratildi.
"Mamlakat kelajagi, shiddatli kechayotgan davr talabi O‘zLiDeP zimmasiga bo‘lajak Prezidentlik saylovida ushbu islohotlar yo‘lidan bundan keyin ham qat’iyat va sobitqadamlik bilan borishni ta’minlay oladigan, jamiyatni isloh qilishdek mashaqqatli vazifani yangicha, o‘ziga xos bosqichda davom ettirishga qodir shaxsni nomzod etib ko‘rsatish lozimligi ta’kidlandi", - deyilgan xabarda.
Hozirga qadar "Milliy tiklanish" partiyasidan tashqari barcha partiyalar bo‘lajak prezident saylovida ishtirok etadigan nomzodlarini ma’lum qilishdi.
Ekopartiya o‘z yetakchisi Abdushukur Hamzayev, Xalq-demokratik partiyasi Ulug‘bek Inoyatov, "Adolat" sotsial-demorkatik partiyasi Robaxon Mahmudovani nomzod sifatida ko‘rsatishini ma’lum qilgan.
Muddatidan ilgari O‘zbekiston prezidenti saylovi 2023-yil 9-iyul kuni bo‘lib o‘tadi.