Prezident benzin va dizel zaxirasini shakllantirishni topshirdi

Yoqilg‘i olib keluvchi tadbirkorlarga aylanma mablag‘ uchun kreditlar ajratiladi.
Sputnik
TOShKENT, 11-may — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyov mutasaddilar oldiga benzin va dizel zaxirasini shakllantirish vazifasi qo‘ydi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi xabar qildi.
Energiya ta’minotiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ta’kidlanishicha, mamlakatga benzin va dizel yoqilg‘isini olib kelishga barcha cheklovlar olib tashlangan.
Yoqilg‘i olib keluvchi tadbirkorlarga aylanma mablag‘ uchun kreditlar ajratilishi belgilandi.
Yaratilgan sharoitlar tufayli mamlakatga shu yilning o‘zida 5 mingta elektromobillar olib kelingani ta’kidlandi. Endi ular uchun hududlarda yetarli infratuzilma yaratish lozim.
Bu borada kelgusi uch yilda 3,5 mingta quvvatlash qurilmalarini o‘rnatish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinib, imtiyozlar berilgan. Viloyat hokimlariga joriy yilning o‘zida 900 ta quvvatlash qurilmalari o‘rnatilishini ta’minlash topshirildi.
Umuman, tarmoq mutasaddilari oldiga energetika sohasida ish sifatini ta’minlash, tartib va intizomni kuchaytirish vazifasi qo‘yildi.