TOShKENT, 10-may — Sputnik. O‘zbekistonning majoritar saylov tizimidan aralash saylov tizimiga o‘tishi mamlakatda siyosiy partiyalarni mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu haqda "Ma'no" ilmiy tashabbuslar markazi direktori Baxtiyor Ergashev ma’lum qildi, deya xabar berdi RIA Novosti.
“O‘zbekiston endi konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishlar doirasida ushbu aralash, majoritar-proporsional tizimni joriy etishga tayyor. Chunki bu tizimda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish zarur”, — dedi Ergashev RIA Novostiga.
Uning so‘zlariga ko‘ra, aralash tizimga o‘tish O‘zbekistonda ko‘p partiyaviylikni mustahkamlash yo‘lidagi juda muhim qadam bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, xalqaro tajribada saylov tizimining majoritar, proporsional va aralash turlari mavjud. Shu kungacha O‘zbekistonda saylov jarayonlari majoritar saylov tizimida o‘tkazilgan.